O'zbekiston Tibbiyot

Tibbiyot xodimlarining maoshlari 10-15 foizga oshiriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 1 iyundan boshlab oliy va birinchi toifali tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining maoshi 15 foizga, ikkinchi toifali va toifasi yo‘q xodimlarning maoshi 10 foizga oshiriladi. Alohida natijalarga erishgan soha vakillariga 100 foizgacha, yosh shifokorlarga 1 mln so‘mgacha oylik ustama to‘lanadi.

Prezident “Tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon imzoladi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Hujjatga ko‘ra, 2022 yil 1 iyundan boshlab davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarining oylik lavozim maoshlari:

  • oliy va birinchi malaka toifalariga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 15 foizga;
  • ikkinchi malaka toifasiga ega va toifaga ega bo‘lmagan, shuningdek, boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun – 10 foizga;
  • tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlari uchun – 15 foizga oshiriladi.

Bunda, tibbiyot muassasasi xodimlarining tarif stavkalarini hisoblash amaldagi mehnatga haq to‘lash razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini tegishincha 1,15 va 1,1 barobarga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.

Farmonga asosan, soha xodimlariga quyidagicha ustamalar to‘lanadigan bo‘ldi:

  • xodimlarni moddiy rag‘batlantirishga ajratilgan mablag‘lar hisobidan davlat tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar;
  • yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar.

Endilikda barcha tibbiyot xodimlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan dastlabki va davriy tibbiy ko‘rikdan bepul o‘tkaziladi. Tibbiyot xodimlari yilda bir marta teatr va konsert tomoshalariga bepul olib boriladi.

Tibbiyot muassasalarida SSV tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga muvofiq yuqori texnologik murakkab operatsiyalarni bajargan shifokor-xirurglar lavozim maoshining 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ustama joriy etiladi.

2022 yil 1 sentabrdan boshlab, davolash-profilaktika muassasalarining xodimlariga ularning tibbiyot sohasidagi ilmni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasini inobatga olgan holda, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 60 foizigacha va fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun lavozim maoshining 30 foizigacha miqdorda har oylik qo‘shimcha haq to‘lanadi.

2022 yil 1 iyuldan boshlab viloyatlar hamda Toshkent shahridan, shuningdek, xorijiy davlatlardan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Chimboy, Qorauzak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Mo‘ynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama to‘lovlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi. Bu ustamalarni olish uchun shifokor boshqa hududda kamida ikki yil ishlagan hamda kamida ikkinchi darajali malaka toifasiga ega bo‘lgan bo‘lishi lozim.