Мировые новости Все

Kiyev va Moskva muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi. Ularni o‘tkazishga nima xalal bermoqda?

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari to‘xtab qolgan. Bu haqda har ikki tomon vakillari rasman tasdiqladi. So‘nggi marta tomonlar mart oyi oxirida Istanbulda o‘zaro uchrashuv o‘tkazishgandi. Shundan keyin Moskva muzokaralarni onlayn formatda o‘tkazishni taklif qildi, Kiyev esa prezidentlar uchrashishini talab qilmoqda.

Muzokaralar rasman to‘xtatilgani haqida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko hamda Ukraina prezident ofisi vakili Mixail Podolyak ma’lum qilishdi. «Muzokaralar davom ettirilmaydi, Ukraina jarayondan chiqib ketdi», dedi Rudenko «Valday» muhokama klubi doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. Uning aytishicha, muzokaralar hech qanday ko‘rinishda davom etmayapti.

«Ukraina va RF o‘rtasida muzokaralar to‘xtatildi. Ammo qachondir tiklanadi va menimcha, unda moderator Zelenskiy bo‘ladi», dedi Ukraina tomonidan muzokaralarda qatnashgan Mixail Podolyak. U Ukraina «Putinning yuzini saqlab qolish uchun» hech nima bermasligini aytdi.

Ukraina prezidenti muzokaralar haqida gapirar ekan qisqacha talabini shunday bayon qildi: «Men Putin bilan gaplashishga tayyorman, lekin faqat u bilan», dedi Zelenskiy hech qanday vositachi kerak emasligini aytib.

Muzokaralar qanday kechgandi?

Tomonlar Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan 4 kun o‘tib – 28 fevral kuni Belarusda ilk marta muzokara o‘tkazishgandi. Mart oyida yana bir necha marta uchrashuvlar o‘tkazildi. 10 mart kuni ikki davlat tashqi ishlar vazirlari Dmitro Kuleba hamda Sergey Lavrov Turkiyada uchrashdi.

Ukraina – Rossiya muzokaralari: murosaga umid bormi?

Oxirgi marta tomonlar to‘liq tarkibda 29 mart kuni Turkiyada uchrashgandi. Rossiya muzokarachilari yetakchisi Vladimir Medinskiyning aytishicha, o‘shanda Ukraina tomonidan xalqaro xavfsizlik kafolati evaziga yadro qurolidan xoli bo‘lish va harbiy bloklarga kirmaslik kafolatlangan statusga o‘tish taklif qilingan. Ukraina tomoni bu faktni tasdiqladi.

Aynan o‘sha vaqtda Rossiya Mudofaa vazirligi Kiyev hamda Chernigov yo‘nalishida faollikni bir necha barobar kamaytirganini ma’lum qilgandi. Ko‘p o‘tmay muzokaralar onlayn formatda davom etishi aytildi, bir necha muzokaralar ham o‘tkazildi. Ammo Moskva Kiyev tomoni aytilgan gaplardan tonayotganini iddao qila boshlagach, muzokaralar to‘xtab qoldi.

BBC nimani aniqladi?

BBC bu borada surishtiruv o‘tkazib, tomonlar nega muzokaralardan bosh tortayotganiga aniqlik kiritishga harakat qildi. Nashr muxbiri aniqlashicha, Ukraina tomoni muzokaralarni to‘xtatishiga Buchadagi qirg‘in, Rossiyaga esa «Moskva» krayseri yo‘q qilingani ta’sir qilgan.

BBC bilan suhbatlashgan muzokaralardan xabardor manbalarning aytishicha, urush taqdiri endi faqat jang maydonida hal bo‘ladi. O‘zi diplomatik muloqot o‘tkazishdan maqsad ikki davlat keyinchalik qanday yashashi, kelajakda bunday mojaro takrorlanmasligi uchun kelishib olishdan iborat.

Endi bunga umid qilish qiyin. Frontdagi holat diplomatik muloqot, agar u o‘tkazilsa, yo‘nalishiga ham ta’sir qiladi.